Kitoblarimkatalog
Kitoblarga qaytish
Qur'oni Karim oyatlari mazmun-ma'nosining o'zbekcha izohli tarjimasi

Qur'oni Karim oyatlari mazmun-ma'nosining o'zbekcha izohli tarjimasi

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mitaning 03-07/6260-sonli tavsiyasi ila chop etilgan. SO'ZBOShI Qur'oni karimni Alloh taolo shak-shubha nojoiz bo'lgan ushbu kitob taqvodorlar uchun dasturulamaldir (Baqara surasi, 2-oyat) deb atagan. Ulamolar ta'rifida u tilovati, qiroati ibodat hisoblanuvchi kitobdir [MS, UT].[1] Muhammad a.s. qirq yoshga yetganlarida Qur'oni karim vahiy qilina boshlaydi. U yigirma uch yil mobaynida sura va oyat shaklida tushirilgan. Ba'zi oyat arab alifbosidagi birgina harfdan iborat bo'lsa ayrimi bir so'z, bitta birikma yoki bir va undan ortiq gapdan iborat. Eng katta oyat bir sahifani tashkil etadi (Baqara surasining 282-oyati). Qur'oni karimda jami 6236 ta oyat mavjud. Shundan 4780 tasi Makkada, 1456 tasi Madinada tushgan [AbM, 613-bet]. Bu oyatlar 114 suraga birlashtirilgan. Suralar ham hajman bir xil emas. Eng kichik surada 3, eng katta surada 286 oyat bor. Suralarning barchasi nomlangan. Ba'zi suraning nomi uning boshidagi so'zdan olingan bo'lsa ayrimi unda bayon qilingan voqea-hodisa bilan bog'liq. To'rtta surani nomlashda esa arab alifbosi harflaridan foydalanilgan: Toha, Yosin, Sod, Qof. Bularning asl ma'nosi yolg'iz Allohga ayon. Ular Qur'oni karimning o'zida mutashabih deb ataladi (Oli Imron surasi, 7-oyat). Ayrim suraning nomi ikki va undan ortiq. Qur'oni karimda barcha oyatning raqami aylanaga olingan. Manba sifatida foydalanganimiz o'n uchta tarjimaning aksariyatida oyat raqami qavsga olinmay undan keyin nuqta qo'yilgan va birinchi so'z bosh harf bilan boshlangan. Bitta nemischa tarjima [RP]da raqamdan keyin nuqta qo'yilmay mustaqil gap bosh harf bilan, ergash gap yoki so'z birikmasi kichik harf bilan yozilgan. O'zbekcha tarjimalardan ikkitasi [AbM, UT] va tojikcha tarjima [MU]da esa barcha oyat raqamidan keyin nuqta qo'yilgan-u oyat boshidagi gap mustaqil yoki to'liq bo'lmasa kichik harf bilan bitilgan. Tarjimamizda o'zbek tilining qurilishi, sintaktik tuzilishi (strukturasi) inobatga olinib oyatlarning bir qismida raqam aylanaga olinib undan keyin tinish belgisi qo'yilmadi va oyat kichik harf bilan boshlandi. Ma'lumki Qur'on oyatlari og'zaki vahiy qilingan. Muhammad a.s. oyatni Jabrail a.s.dan eshitib yodlagach musulmonlarga aytib (o'qib) berganlar. Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali, Zayd ibn Sobit kabi o'qish-yozishni bilgan sahobalar uni xurmoning po'stlog'i, teri yoki qog'ozga yozib borgan. Rasulullohning bir necha nafar vahiy bitib boruvchi kotiblari bo'lgan. U zot ularga yangi tushgan oyat qaysi suradan ekanligi va qaerda turishi lozimligini ko'rsatib berganlar [MS, UT]. Abu Bakr r.a. xalifalik davrida oyat va suralarni jamlab kitob shakliga keltirishni Zayd ibn Sobitga topshiradilar. Bu kishi Qur'onni eng yaxshi yodlagan bo'lib uni Muhammad a.s. huzurlarida yozgan. Shunday qilib Zayd ibn Sobit va Umar ibn Xattob Qur'onni kiyik terisidan bo'lgan sahifalarga yozadi. Xalifa Usmon hazratlari undan olti nusxa ko'chirishni buyuradilar [MS]. Ana shu mo'tabar nusxalardan bittasi ona yurtimizda saqlanmoqda. Qur'oni karim tilovatining muhim shartlaridan biri oyatlarning ma'nosini tadabbur qilmoqdir [MS, 7, XX]. Negaki Alloh taolo bir oyatda tushuninglar deb uni arab tilida tushirdim (Yusuf surasi, 2-oyat, 235-bet) desa boshqa bir oyatda ibrat olishar va oson bo'lsin deb Qur'onni o'z tilingda tushirdim (Duxon surasi, 58-oyat, 498-bet) deydi. Shu bilan birga Zumar surasining 28-oyati (461-bet)da odamlar taqvodor bo'lar deb Qur'onni sof arab tilida tushirdim deb uqtirsa Maryam surasining 97-oyati (312-bet)da taqvodorlarga xushxabar berib itoatsiz-sarkashlarni ogohlantir deb uni sening tilingga oson qilib qo'ydim deya ta'kidlaydi. Shunga o'xshash oyat o'ndan ortiq. Bundan Qur'oni karimni boshqa tillarga tarjima qilish zarurligi anglashiladi. Ammo badiiy yoki ilmiy asar tarjimasidan keskin farq qilganligidan u har qanday tilga o'girilganda arab tiliga xos xususiyatlar, nazmiy uslub, maftunkor ohang va ruhiy ta'sir o'z kuchini qisman bo'lsa-da yo'qotadi [AbM]. Shu bois u ayrim tilga qayta-qayta tarjima qilingan. Ustoz Muhammad Hamidulloh guvohlik berishlaricha urdu tilida uning uch yuzdan ortiq, fors va turk tillarida yuzdan ziyod tarjimasi bor [MS, 7, XIX]. Manba sifatida foydalanish uchun 21-asrdagi turkcha tarjimalardan ikkitasini tanlab oldik. Bular Burhan Orhan va Mehmed Yasharning (hamkorlikdagi) tarjimasidir. Rus tilida ham bir necha tarjima mavjud. Shulardan bittasi akad. I. Yu. Krachkovskiy qalamiga mansub nasriy tarjima bo'lsa ikkinchisi Valeriya Poroxova tomonidan amalga oshirilgan she'riy tarjimadir. Salmoqli tarjimalardan yana biri Elmir Kuliev iste'dodi va ulkan mehnati mahsulidir. Nemis tiliga Qur'oni karimni tarjima qilish 1616 yildan boshlangan. Hozirgi kunda turli hajmdagi o'nlab tarjima nemis xalqining ma'naviy mulkiga aylangan. Birgina 20-asrda shulardan Rudi Paretning ommabop tarjimasi o'n marta, Maks Henningning izohli tarjimasi o'n besh marta, Muhammad ibn Ahmadning tarjima va tafsir kitobi (1633 sahifa) esa o'ttiz marta nashr etilgan. Bu tarjimalar nashrdan nashrga takomillashib borgan. Negaki ular tarjimon vafotidan keyin yetuk mutaxassislar tomonidan tuzatib to'ldirib nashr etilmoqda. Jumladan Henning tarjimasining keyingi nashrlarini Murod Vilfrid Hofman amalga oshirgan. U 2001 yilda nashr etilgan tarjimaga salmoqli Muqaddima (Einführung) ham qo'shgan. Unda jumladan so'zma-so'z tarjima haqiqiy tarjima emas, arabcha so'zlarning nemischa so'zlar bilan berilishi xolos deb yozadi. Bundan boshqa tilga Qur'oni karim oyatlarining mazmun-ma'nosini o'girish lozimligi ayon bo'ladi. Qur'oni karimni o'zbek tiliga tarjima qilish 20-asrda boshlangan. Ilk turkiy (eski) o'zbek tiliga qilingan tarjima 1956 yilda Saudiya Arabistonidagi vatandoshimiz Sayyid Mahmud Taroziy (Oltinxon to'ra) tomonidan amalga oshirilgan [UT, VI, 743]. Boshqa manbada aytilishicha u kishi Qur'oni karimni zamonaviy o'zbek tiliga ilk bor tarjima qilib tafsir yozgan. Bu kitob Hindiston, Pokiston va Saudiya Arabistonida qayta-qayta chop etilgan [IE, 190]. Toshkentda ham ikki marta nashr qilingan: Qur'oni karim, ma'nolari tarjimasi va sharhlar. 2-nashri. Toshkent, “Fan”, 2002 [UT, VI, 747]. Vatanimizda Qur'oni karim tarjimasiga istiqlol yillarida davlat miqyosida katta e'tibor berilmoqda. Buning samarasi o'laroq qisqa muddat ichida bir nechta bevosita tarjima va tafsir nashr etildi. Maqsadu vazifasi asosan mos kelganligidan ular bir-birini to'ldiradi. 2019 yilda shayx Alouddin Mansurning “Qur'oni azim muxtasar tafsiri” nomli kitoblari (922 sahifa) bosilib chiqdi. Uning So'zboshisida ustoz faxrlanib shunday yozadilar. “Qur'oni karim ma'nolarini o'zbek tiliga tarjima qilish” mavzusida o'tkazilgan o'ziga xos musobaqada g'olib bo'ldim va Olloh taoloning inoyati bilan menga 1990–91 yillari tariximizda ilk marta Qur'on ma'nolarini asliyatdan zamonaviy o'zbek tiliga tarjima qilish va unga izoh yozishdek ulug' baxt nasib etdi (5). Muxtasar tafsirning dastlabki izohli tarjimadan farqi xususida So'zboshida shunday deyiladi. Qo'lingizda Kalomulloh ma'nolarining tamoman yangi sifatda qayta ishlangan tarjimasi turibdi. Tarjimon tomonidan 10 000 o'rinda o'zgarish va qo'shimcha kiritildi (6). Ushbu tarjima-tafsirning yana bir fazilatini shayx hazratning o'zlari shunday bayon qiladilar. Ushbu ulug' kitobning har bir oyati ma'nosini tarjima qilishdan tashqari unga uch turli izoh ham qo'shdim. Dastlab har bir sura oldida o'sha suraning qisqacha mazmuni darj qilindi. So'ng oyatlar tarjimasi orasida qavs ichida qisqacha izoh berildi. Bundan tashqari ayrim tushunilishi o'ta murakkab bo'lgan oyatlar ostida alohida izoh qo'shildi (8). Yana bir diqqatga sazovor jihat shuki Qur'oni karimning turkman, qozoq va uyg'ur tillariga tarjimasi aynan shayx Alouddin Mansurning qalamlariga mansub tarjima asosida amalga oshirilgan. Qirg'iz tiliga o'zlari qilgan tarjima esa Bishkek va Tehronda nashr etilgan (5). Bular bari ustozimizning mashaqqatli, ayni paytda sharafli mehnatlari mahsuli faqat Markaziy Osiyoda emas, xorijiy mamlakatlarda ham e'tirof etilayotganligi va qadrlanayotganligiga yorqin dalil hamda barchamizga o'rnak bo'lgulikdir. Shu munosabat bilan izohli tarjimamizda ushbu nashrga qayta-qayta murojaat qilganimizni eslatishga burchlimiz. Shiorlari “diniy savodsizlikni tugatish, ixtilof va firqachilikka barham berish, mutaassiblik va bid'at-xurofotlarni yo'qotish” [MS, 1-juz, 2] bo'lgan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ulkan hajmdagi tafsiru tarjimani qur'onxonlarga tuhfa etdilar. Ushbu ko'p yillik mashaqqatli, ayni paytda huzurbaxsh ilmiy izlanish mahsuli bo'lgan majmuaga Tafsiri hilol nomi berilgan. Negaki “endilikda zulmat chekinib qora tun qa'ridan hilol yog'du sochmoqda” [MS, 6-juz, 571]. Majmuaning foydalanganimiz nashri yetti juzdan iborat. Uning olti juzini (4000 sahifaga yaqin) tafsir tashkil etadi. Yettinchi juzi esa Qur'oni karim ma'nolari tarjimasidir. Unga arabcha oyatlar matni kiritilgan. Bu bilan “birinchidan, asl matnning qudsiyati balqib turadi. Qolaversa, har doim tarjimaning aniqligini tekshirish imkoni bo'ladi” [MS, 7-juz, XVIII]. Ushbu tarjima xosga ham mo'ljallanganidan o'zbek tiliga o'zlashmagan arabcha so'z ham ancha: infoq, mav'iza, nasx, qoim, shakur, harom oy, habata, qayyum, ribo, junub, siloh, kalola, alaqa, sujud, vayl bo'lsin va b. Ustoz Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdek bilimdon olim ham “ba'zi holatlarda o'zbek tili qoidalariga rioya qilmaslikka majbur bo'ldik” [MS, 30, 22] deya e'tirof etadilar. Buning sababi shuki “barchasidin arab tili fasohat oyini bila mumtoz va balog'at taz'yini bila mo'jiza tirozdur” (Alisher Navoiy). Binobarin ayrim oyatni ixcham va ravon tarjima qilish amri maholdir. Tarjimalardan yana biri ustoz shayx Abdulaziz Mansur qalamlariga mansub. Ushbu tarjimaning afzal jihati ko'p. Avvalo shuki tarjimaga sayqal berib uni takomillashtirish maqsadida matn qayta ishlanib bot-bot nashr etilayotgani tarjimonning ezgulik yo'lida o'z bilim, mahorat va mehnatini ayamasligidan dalolat beradi. Shuni ta'kidlash joizki tarjima va tafsirning bir kitobda jamlanishi, oyat matni, tarjimasi, tafsir va izohining bir sahifada berilishi foydalanish uchun o'ta qulaylik tug'diradi. Oyatlarning asl matni arabcha savodi borlar uchun mo'ljallangan bo'lsa tarjima matnida qavs ichida izohning ko'p va xo'b berilishi arabchani tushunmaydigan qur'onxonlarga qo'l keladi. Negaki ular ko'p ma'noli, ma'no ko'lami keng, shakldosh va hokazo arabcha so'zlarning ma'no qirralarini ochib berishga imkon tug'diradi. Sahifa oxiridagi ayrimi ixcham, ayrimi keng tafsirlar esa shariat, tariqat, haqiqat, fiqh, falsafa, tarix, madaniyat, axloq, til kabi inson ma'naviy-ijtimoiy hayotining turli sohasi haqida yetarli ma'lumot berib Qur'oni karim haqiqatlari borasida diniy savodi borlarga ham yosh avlodga ham baravar saboq beradi. Yangi tarjima muallifi muftiy hazratlari Usmonxon Temurxon Samarqandiydir. Ushbu tarjimaning ham fazilati ko'p. Yangi tarjimaga ehtiyoj, zarurat borligining izohi diqqatni o'ziga tortadi. “Qur'oni karimni yaxshi bilmagan, tushunmagan kishilarning asl hidoyat yo'lidan, haq yo'ldan chalg'ishlari, turli oqim va harakatlarga aldanib qolishlari, missionerlar va soxta mazhablar ta'siriga tushib qolishlari oson kechadi” [UT, I, 4]. Demak hozirgi o'zbek adabiy tilidagi bu tarjima yosh avlodga, istiqlol farzandlariga Qur'oni karimning yuksak ma'naviyatimiz sarchashmasi ekanligini anglash imkonini beradi; ularning namunali axloq egasi bo'lishiga, ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalanishiga hissa qo'shadi. So'zboshida “zamonaviy fan-texnika yutuqlari va kashfiyotlari bayon etilgan ilmiy kitoblardan ham foydalanildi” [UT, I, 5] deyilgan. Buni ham ushbu tarjimaning fazilatlaridan biri deyish mumkin. Negaki bunday holda ilohiy haqiqatlarni zamonaviy fan-texnika yutuqlari ham tasdiqlayotgani dalil, fakt va raqamlar bilan ko'rsatib beriladi. Bunday yondashuv va ko'zda tutilgan boshqa maqsadu vazifalar tafsirli tarjimaning bir necha jilddan iborat bo'lishini taqozo etishi tabiiy. Shu munosabat bilan majmuaga Tafsiri irfon deb nom berilishi ham uzukka ko'z qo'ygandek bo'lganini ta'kidlash joiz. Mazkur tarjimaning fazilatlaridan yana biri shuki unda qavs ichidagi izohlardan imkon boricha voz kechilgan [UT, I, 5]. Bunday holda tarjimaning surati asliga yaqinlashadi. Uning siyratini ham tarjimada aks ettirish maqsadi esa musavvirdan yanada chuqur bilim va qunt talab qiladi. Negaki bunday holda ustoz Abdulla Qodiriy ta'kidlaganlaridek jumla tuzishda uzoq andisha kerak bo'ladi. Ish jarayonida mazkur o'gitga amal qilinganini quyidagi iqtibos tasdiqlaydi: “Qur'oni karimning ushbu ma'nolari tarjimasi va tafsiri boshqalaridan shu bilan farqlanadiki, unda oyatlar ma'nosi zamondosh o'quvchilarimizga iloji boricha tushunarli, sodda va ravon bo'lishiga harakat qilindi” [UT, I, 2]. Qur'oni karim ona tilimizga Shamsiddin Boboxonov, Ismatulla Abdullaev va boshqalar tomonidan ham tarjima qilingan [UT, VI, 744]. Xulosa shuki Qur'oni karimning yangi-yangi qirralarini o'rganish, uni yangidan kashf etish ham davom etaveradi [UT, VI, 746]. Bizning asrimizda bu jarayon yanada faollashib borishi tabiiy. Avvalgi xato va kamchiliklarni takrorlamagan holda tobora sifatli tarjima va tafsirlarni ta'lif etish yangi asr ulamolarining sharafli va mas'uliyatli vazifalaridandir [AbM]. Boshqacha aytganda “inshoolloh hali bu ulug' kitob bilimdon ulamolar tomonidan ko'p marta, qayta-qayta tarjima va tafsir qilinadi hamda bo'lajak har bir tafsir o'z xususiyati va fazilati bilan o'quvchilar Olloh taoloning so'zini yanada yaxshiroq tanishlariga, teranroq anglashlariga xizmat qiladi” [AlM, 6]. Ana shu sharafli, ayni paytda mas'uliyatli vazifani bajarishga imkon qadar hissa qo'shish ilinjida Qur'oni karim oyatlari mazmun-ma'nosining izohli tarjimasiga jazm etdik. Ishning samarali bo'lishi uchun esa tarjimon eng avvalo “arab tilini o'ta yaxshi bilishi bilan birga tarjima qilinayotgan tilni ham juda yaxshi bilishi shart” [MS, 7, XVII]. Modomiki “arab tili, sarf, nahvu balog'at olimlari ham o'z ilmini Qur'ondan olgan” [MS, 17] ekan tarjimon mazkur qoidalarni arab tili bo'yicha asrlar davomida yaratilgan kitoblardan o'rgansa bo'ladi. Ammo o'zbek adabiy tilining me'yor-qoidalarini ilmiy adabiyot, darslik va qo'llanmalardan o'rganish yetarli emas. Negaki hozirgi o'zbek adabiy tilimiz tarixiy o'zbek adabiy tili, so'zlashuv nutqi hamda shevalar asosida 20-asrda shakllangan. Binobarin uning me'yorlari mustabid tuzum davrida belgilanib qoidalashtirilgan. Ma'lumki sho'ro saltanatida davlat siyosati va unga mos ravishda til siyosatining botiniy maqsadi xalqlarning o'zaro tilini yaqinlashtirish niqobi ostida ruslashtirish bo'lganidan milliy adabiy tillarni me'yorlashtirishda olimlar ko'p holda hukmron xalq tilining xususiyatini asos qilib olishga majbur bo'ldi. Ana shu me'yorlar qoidalashtirilib o'rta va oliy maktab darsligu qo'llanmalariga kiritildi. Masalan filologiya fakulteti talabalariga mo'ljallangan darslikda predikativ bog'lanish – ega va kesim munosabati gapning yadrosidir [65, 14] deyildi. Otning -lar olmagan shakli faqat birlikni bildiradi deb uqtirildi. Holbuki bu ikkala xususiyat ham hozirgi o'zbek adabiy tilida rus tiliga qaraganda arab tiliga yaqin. Istiqlol sharofati bilan til siyosati o'zgarib adabiy til bo'limlarini isloh qilish imkoniyati tug'ildi. Jadal sur'atlar bilan yozuv va imlo isloh qilinib amaliyotga tatbiq etildi. Ayni paytda atama va joy nomlarini davr ruhiga moslash boshlandi. Bularni ham davlat o'z zimmasiga oldi [48, 41]. Boshqa bo'limlarni isloh qilishda asosan ilmiy muassasa mutaxassislariyu oliygoh va universitet professor-o'qituvchilari mas'uldir. Ammo bu mas'uliyatli vazifani hozircha to'liq amalga oshirdik deya olmaymiz. Akademik G'. Abdurahmonov 1968 yilda, prof. K. Nazarov 1974 yilda tinish belgilari rus tilida qanday bo'lsa o'zbek tilida ham shunday ishlatilmoqda deb yozgan edi. Istiqlolning dastlabki yillarida punktuatsiya qoidalari isloh etilmaganligi bois boshqalar qatori Qur'oni karim tarjimonlari ham shu qoidalarga rioya qilgan. Oqibatda tarjimalardan birida o'n besh so'zli gapda to'qqiz o'rinda, boshqasida oltmish olti so'zli matnda oltmish besh o'rinda tinish belgisi ishlatilgan (Muqaddimaga qarang: 4.7). Diniy-tasavvufiy uslub ham o'z tadqiqotchilarini kutmoqda. Tilshunoslar birinchi galda uning boshqa uslublar bilan munosabati, o'ziga xos xususiyatini me'yorlashtirishga e'tibor qaratadi (Muqaddimaga qarang: 3.3.4). Umumiy va nazariy tilshunoslik asoschisi V. Humbolt lug'atga nisbatan grammatikada millatning ruhiy o'ziga xosligi ko'proq aks etadi [48, 21] deb yozgan. Bundan grammatik me'yorlarni ham isloh etish lozimligi anglashiladi. Ammo ona tili grammatikasiga doir darslik va qo'llanmalarda ayrim mavzu qoidalarida ruscha qolip, andozalardan voz kechilgan emas edi. Ana shu qoidalardan foydalanilganidan muxtasar tafsir (AlM)da Nur surasining 61-oyati (515-bet)da -lar yigirma marta qo'llangan. Rus tilidagi grammatik son kategoriyasining xususiyati o'zbek tiliga nisbat berilmasa -lar umuman ishlatilmaydi (tarjimamizga qarang). Negaki o'zbek tilida ko'plik faqat -lar bilan emas, qulay matnda otning o'zak, negizi bilan ham ifoda etiladi (Muqaddimaga qarang: 4.4.3). Shu munosabat bilan oyatda otlar ko'plik shaklda kelgan-ku degan e'tiroz bo'lishi tabiiy. Bu endi arabcha ko'plik shaklning qo'llanishi haqidagi qoidalar bilan bog'liq (Muqaddimaga qarang: 4.4.3). Shuni alohida ta'kidlash joizki Qur'oni karim tili mo'jizaning mo'jizasi ekanligi eng avvalo qiroatda namoyon bo'ladi. Chunki qiroatda lisoniy vositalarga qofiya (saj) va ohang qo'shilib shunday huzurbaxsh, maftunkor, mo'jizakor jarangdorlik, ohangdorlik hosil bo'ladiki uning qarshisida har qanday til ojiz (Muqaddimaga qarang: 4 va 4.1). Shu bilan birga har ikkala til qurilishiga tejamkorlik xos bo'lganidan rus va nemis tillariga nisbatan o'zaro yaqinlik ko'p (Muqaddimaga qarang: 3.3.2.1). Shunday bo'lsa-da lisoniy birliklar ya'ni so'z, shakl, birikma, gap va matnning hajmi, ma'no-mazmun ko'lami, ma'noning belgilanganlik darajasi, ma'nodoshligi, ko'p ma'noliligi, shakldoshligi, ma'no ko'chishi, fikr va tushunchaning ifodalanishi, voqelanishi va qo'llanishida har ikkala tilda tafovut kam emas. Bular hammasi qiyosiy-tipologik jihatdan avvalo nazariy so'ngra amaliy tadqiqu tahlilni taqozo etadi. Aks holda oldingi ishlarimizda yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish imkoni bo'lmaydi. Tarjimamizga Ruh va til[2] nomli nazariy va amaliy fasllardan iborat Muqaddimaning ilova qilinishi shu bilan izohlanadi. Oyatlarga doir izohning hammasi sahifa oxirida berildi. Uning bir qismi arabcha, o'zbekcha, turkcha, ruscha va nemischa tafsiru tarjimalardan aynan yoki qisqartirib olindi. Izohning asosiy qismi oyat mazmun-ma'nosini tushunishga ko'mak beradigan lisoniy hodisalarga bag'ishlangan. Bunda asosan arabcha so'z, ibora va grammatik birliklarning tarjimada ham ixcham, aniq va ravon ifoda etilishiga e'tibor qaratdik. Haqiqat qiyosda ayon bo'ladi[3] deyilganidek izohlarda ayrim oyatdagi so'z, shakl, birikma, gap yoki iboraning tarjimasi boshqa o'zbekcha, shuningdek xorijiy tillardagi tarjimalar bilan qiyoslab berildi. Bunda Qur'oni karim tarjimasida katta tajriba to'planganidan nemischa, ruscha, turkcha nashrlarga tez-tez murojaat qildik. Foydalanilgan adabiyot va manbalar ro'yxati to'rt qismga bo'lib berildi. Avval tarjima, izoh va muqaddimada foydalanilgan manbalar yozildi. Ixchamlik uchun tarjimon, shuningdek asar muallifining ismi sharifi yoki manba nomi qisqartirib o'rta qavsga olindi. Foydalanish oson bo'lsin uchun tarjima yoki tafsir sahifasi Qur'oni karimga mos kelmasa (604 sahifadan ko'p bo'lsa) oyatning ham iqtibos va havolaning ham sahifasi arabcha raqam bilan ko'rsatildi. Manbaning juz yoki jildi rim raqami bilan belgilandi. Ro'yxatning ikkinchi qismini lug'atlar, uchinchi qismini ilmiy, ilmiy-usuliy, ta'lim-tarbiyaviy adabiyotlar tashkil etadi. Avval adabiyotning ro'yxatdagi raqami, keyin zarur bo'lsa foydalanilgan sahifasi yozilib orasiga vergul qo'yildi. Ikkita lug'at yoki adabiyotga havola berilgan bo'lsa ular bir-biridan nuqtali vergul bilan ajratildi. Bir-ikki marta havola berilgan qo'shimcha adabiyot haqida ma'lumot matn ichida sahifa oxirida raqamlab yozildi. To'rtinchi qismga misol olingan manbalar kiritildi. Ularga havola boshqa manbalardagidek kichik qavsda raqam bilan ko'rsatildi. Qisqartma so'z va ramziy belgilar bilan ko'rsatilgan fonetik yozuv namunalari foydalanish oson bo'lsin uchun alohida yozildi. Mualliflar tarjima, izoh va Muqaddima matnini sinchiklab o'qib qimmatli maslahatini ayamagani uchun BuxDU dotsenti Firuz Safarovga, Qohira Aynushshams universiteti bakalavriati va magistraturasini tugatgan arabshunos mutaxassis Otabek Xolov, Mirarab oliy madrasasi mudarrislari To'ymurod Sayliev va Rustamjon Narzievga minnatdorlik bildiradi. Texnik ishlarning barchasini beminnat ado etgani uchun Zebiniso Sanoqul qizidan Alloh rozi bo'lsin. Tarjima sifatini yaxshilashga doir fikr-mulohazalar mamnuniyat bilan qabul qilinadi.

Kitob haqida

Nashriyot
Hilol-nashr
Nashr yili
2024
Asl tili
O'zbek tili

688 bet. Kuniga 20 bet oʻqisangiz, taxminan 35 kunda tugatasiz.

Bu kitobni Telegramda oxirigacha oʻqing
Telegramda ulashish

Kitobni qayerdan topish mumkin

Kitoblarim — kitoblar katalogi: kitobning oʻzi yoki PDF nusxasi bu yerda yoʻq. Bosma yoki elektron nusxasini shu doʻkonlardan izlang:

Keyinroq oʻqish uchun Telegramda saqlang

Taqrizlar

Bu kitobga hali taqriz yozilmagan.

Kitoblarim oʻquvchilari

Bu kitobni Kitoblarim oʻquvchilari hali baholamagan. Oʻqigan boʻlsangiz, birinchi boʻlib fikringizni yozing.

Keyingi oʻqish uchun

Yana bilmoqchimisiz?

Sunʼiy intellekt bu haqda kengroq maʼlumot beradi. Javob yangi oynada ochiladi, bu sahifa ochiq qoladi.

AIʼdan batafsil soʻrash