Kitoblarimkatalog
Iqlim o'zgarishi
Badiiy tarjima

Iqlim o'zgarishi

“Bahslarga vaqtimiz yo'q, yechimlarga vaqtimiz bor”. Iqlim o'zgarishi haqida nimalarni bilishimiz kerak? Kundalik iqlim va iqlim shaharsozligi Iqlim o'zgarishi haqidagi qizg'in bahslarda ko'pincha global masalalarga urg'u beriladi — muzliklar erishi, yashillikning qisqarishi, suv muammolari, iqlim migrantlari kabi. Ammo iqlim o'zgarishining ta'sirini kundalik hayotimizda, bizni o'rab turgan muhitda, har kunlik mashg'ulotlarimizda ko'rishimiz mumkin. Masalan, Toshkent yoki ko'chalarini to'ldirib turgan, kun sain yangilari ko'kka bo'y cho'zayotgan ko'p qavatli uylarga e'tibor bersangiz, ularning o'xshashligi faqat tashqi ko'rinishida, umumiy uslub va dizaynda emas; derazalar biqinida joylashgan konditsioner tashqi bloklari ham baland qavatli binolar fasadining odatiy qismiga aylanib qoldi. Konditsionerlar avvaldan ishlatilgan, albatta. Lekin yil sain konditsionerlarga bo'lgan talab ortib bormoqda. 2024-yilda konditsioner bozori 67,32 mlrd dollarni tashkil qilgan, 2025-yilda esa uning hajmi 6,4 foizga oshishi kutilmoqda. Bu, bir tomondan, aholining moliyaviy imkoniyatlari oshib borayotganini ko'rsatadi; boshqa tomondan esa, havo isib borayotganidan ham dalolat beradi. Iqlim o'zgarishi bizning fe'l-atvorimizga, mashg'ulotlarimizga ta'sir qiladi: issiq paytlarda dam olishni, salqin paytlari ko'cha kezishni odat qilib boramiz. Shaharlarning qiyofasidagi o'zgarishlar konditsionerlar bilan cheklanmaydi — pana makonlar bunyod etiladi, yopiq piyoda yo'llar paydo bo'ladi, bog'lar ko'payadi. Xullas, iqlim o'zgarishi allaqachon hayotimizga ta'sir o'tkazmoqda, hayotimizni bu ta'sirga moslashtirib bormoqdamiz. Jozef Rommning “Climate Change: What Everyone Needs to Know” (“Iqlim o'zgarishi: har kim uchun zaruriy bilim”) kitobi ana shunday jihatlarga e'tibor qaratadi: muallif iqlim o'zgarishi muzliklar erishi, hayvonlar migratsiyasi, suv taqchilligi bo'libgina qolmay, xulq-atvorimiz, ehtiyojlarimiz, imkoniyatlarimizda har kuni aks etishini ta'kidlaydi. Muallif haqida Jozef Romm amerikalik fizik olim va iqlim tadqiqotchisidir. Massachusets texnologik institutida fizik okeanografiya bo'yicha doktorlik ishini yoqlagan. Lekin u ko'proq ilmiy-ommabop kitob va maqolalar muallifi, bloger hamda iqlim o'zgarishi advokatsiyasi bilan shug'ullanuvchi jamoat faoli sifatida mashhur. Romm turli shoulardagi chiqishlari, issiqxona gazlari chiqarilishi borasidagi maqolalari bilan tanilgan. Romm mavzu bo'yicha o'nga yaqin kitob muallifidir. Uning 2006-yilda chop etilgan “Hell and High Water: Global Warming — the Solution and the Politics — and What We Should Do” (“Jahannam va suv ko'tarilishi: global isish — yechim va siyosat, va nima qilishimiz kerak”) kitobi o'z vaqtida shovshuvga sabab bo'lgan edi. Kitobda iqlim o'zgarishining xatarli oqibatlari tahlil qilinadi, AQSh hukumatiga shoshilinch ko'rilishi kerak bo'lgan choralar taklif qilinadi. 2015-yilda nashrdan chiqqan “Iqlim o'zgarishi” kitobi esa sodda tilda yozilgani, keng ommaga mo'ljallangani va iqlim o'zgarishi haqida birlamchi tushunchalarni berishi bilan qadrlidir. Kitob nega kerak? Iqlim o'zgarishi fakt o'laroq kundalik hayotimizga kirib kelgan ekan, u haqda yetarli bilimga ega bo'lishimiz yashashimizni osonlashtiradi. Issiqqa qanday moslashish kerak, global o'zgarishlarni sekinlatish uchun nima qila olamiz — sayyoraning qaysi burchagida yashamang, bu savollarga javoblarni bilishingiz kerak. Jozef Rommning “Iqlim o'zgarishi” esa mana shu savollarga javoblar berilgan, umuman mavzu yuzasidan asosiy masalalar tartibli, tizimli tushuntirilgan eng yaxshi kitoblardandir. Yuqorida tilga olingan “Jahannam va suv ko'tarilishi” kitobi ko'proq amerikalik kitobxonga yo'naltirilgan, AQSh hukumatiga xususiy tavsiyalar berishga mo'ljallangan kitob bo'lsa, “Iqlim o'zgarishi” universalroq matndir: unda eng asosiy tushunchalar bir boshidan tavsiflanadi, har bir inson oldida turgan tahdidlar ko'rib chiqiladi. Uch asosiy g'oya Kitobda ko'plab fikrlar berilgan, lekin uchtasi, nazarimizda, alohida ahamiyatga ega: Iqlim tez o'zgarmoqda, tezlik esa tahdiddir. Yer tarixida iqlimiy o'zgarishlar ko'p bo'lgan, lekin ular bu qadar tez bormagan. Oqibatlar allaqachon biz bilan. Ekstremal jazirama, o'rmon yong'inlari, qurg'oqchilik, oziq-ovqat va suv yetishmovchiligi olis 2100-yillar istiqboli emas — ular allaqachon turli mamlakatlarda odatiy tusga kirib qoldi. Tungi issiqda uxlay olmay, konditsioner yoqqan bo'lsangiz, oqibatlarni siz ham payqagansiz. Yechimlar bor. Qo'rqish emas, harakat qilish kerak. Uch asosiy qadam — elektr tejamkorligi, tozalik va tejamkorlik. Elektr avtomobil, energetik samarador uylar allaqachon bor, ulardan foydalanishni kengaytirish kerak. Savol-javob kitobi yoxud biz ko'p go'sht yeyapmiz Kitob savol-javob tarzida tuzilgan bo'lib, undagi har bir bob bitta konkret savolga javob beradi. Jumladan: iqlim nima va u ob-havodan qanday farq qiladi? global isish ro'y berayotganini qayerdan bilamiz? olimlar iqlim o'zgarishining asosiy sababchisi insoniyat ekanini qayerdan biladi? harakat qilmasak, nimalar ro'y beradi? qanday yechimlar bor? Siz bu ishga qanday hissa qo'sha olasiz? Ayniqsa oxirgi band ko'pchilikda qiziqish uyg'otsa kerak. Darhaqiqat, butun sayyorani qamrab olgan global jarayonlarga bitta alohida odam qanday ta'sir ko'rsata oladi? Siz qanday ta'sir ko'rsata olasiz? Muzliklarni saqlab qola olmaysiz, isishni to'xtatib bera olmaysiz albatta. Lekin jamoat transporti yoki velosipedda ko'proq yurishingiz, uyda va ishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishingiz, eng muhimi, oziq-ovqatni isrof qilmasligingiz mumkin — oziq-ovqat chiqindilari ham iqlimga ta'sir qiladi. Yana bir qiziq tavsiya. Muallif qizil go'sht iste'molini kamaytirishni maslahat beradi, negaki chorvachilik metan gazining eng katta manbalaridan hisoblanadi. Bu ma'lumotdan so'ng “ko'p go'sht yeyapmiz” memi yangicha ma'nolar kasb etadi. Miflarga qarshi kurash Iqlim o'zgarishi borasida qanchadan-qancha yolg'on-yashiq gaplar, ma'lumotlar bor demaysiz. Iqlim o'zgarishini inkor qiluvchi maqolalar ba'zida shu qadar ishonch bilan yoziladiki, ularni dalillangan ilmiy tadqiqotdan ajrata olmaysiz. Rommning kitobi bu miflarning aksariyatiga javob beradi. Masalan, “tarixan iqlim doim o'zgarib turgan” degan argumentga qarshi ikkita asosiy kontrargument beriladi: bu qadar tez o'zgarmagan va inson aybi bilan o'zgarmagan. Oldin ming yillar davom etgan o'zgarishlar o'n yilda ro'y berayotgan paytda ko'ngilni xotirjam qilish mavridi emas. “Yashil energetika qimmat va samarasiz” degan fikrga qarshi javob ham ikki banddan iborat: birinchidan, texnologiyalar arzonlashib bormoqda, ommalashgani sain arzonlashib boradi, samaradorligi ham oshib boradi; ikkinchidan, hozir narx bahona harakat qilinmasa, ertaga yanada qimmatroq narx to'lashga to'g'ri keladi. Rejali harakat sayyorani qutqaradi “Iqlim o'zgarishi” ortiqcha pafossiz, ko'pirtirilmay yozilgan. Yuqoridagi tahlildan u odamlarni vahimaga tushirishga harakat qilingan asar deb tushunilishi mumkin. Aslida unday emas: muallif, aksincha, iqlim o'zgarishi tez sur'atlarda borayotganiga qaramay, hali yechimlar borligini aytadi, ammo imkoniyatlar eshigi yopilib borayotganidan ogohlantiradi. Romm mo''jiza va'da qilmaydi, lekin yechimlarni ko'rsatadi. Har bir inson amalga oshira oladigan eng kichik qadamlar ham vaziyatni o'zgartira olishi esa hali umid borligini ko'rsatadi va o'quvchini ruhlantiradi. Ko'proq ko'rish

Kitob haqida

Nashriyot
1000kitob
Nashr yili
2026

380 bet. Kuniga 20 daqiqa oʻqisangiz, taxminan 19 kunda tugatasiz.

Kitoblarim botida: 1 kishi oʻqib boʻlgan

Bu kitobni Telegramda oxirigacha oʻqing
Telegramda ulashish

Kitobni qayerdan topish mumkin

Kitoblarim — kitoblar katalogi: kitobning oʻzi yoki PDF nusxasi bu yerda yoʻq. Bosma yoki elektron nusxasini shu doʻkonlardan izlang:

Keyinroq oʻqish uchun Telegramda saqlang

Taqrizlar

Bu kitobga hali taqriz yozilmagan.

Kitoblarim oʻquvchilari

Bu kitobni Kitoblarim oʻquvchilari hali baholamagan. Oʻqigan boʻlsangiz, birinchi boʻlib fikringizni yozing.

Keyingi oʻqish uchun